19-09-2025 10:09

Jahon chempionatlarida yuqori natijalar qayd etgan va yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchi hamda ularning murabbiylari Prezident sovg‘alari bilan taqdirlandi. Jahon chempioni bo‘lgan sportchilarga BYD Champion Song avtomobili va 15 ming AQSH dollari pul mukofoti topshirildi. Kumush va bronza medali sohiblariga esa BYD Chazor avtomobillari hamda mos ravishda 7,5 ming va 3,75 ming AQSH dollari berildi. Sportchilarning murabbiylari ham bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi.
Sohadagi mazkur mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, sport vaziri Adham Ikramov va Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov shaxsan topshirishdi. Ular sportchilar va murabbiylarni tabriklab, kelgusi musobaqalarda ham omad va yuksak natijalar tilashdi.
Marosimda sportchilar nomidan og‘ir atletika bo‘yicha olimpiada chempioni Ruslan Nurudinov, bokschi Abdumalik Xalokov, baydarka va kanoe bo‘yicha murabbiy To‘lqin Qilichev hamda jahon chempionati sovrindori Javohir Ummataliyevning otasi Turobjon Ummataliyev so‘zga chiqishdi. Ular Prezidentimiz va davlat rahbariyatiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlash uchun samimiy minnatdorlik izhor qilishdi.
Sportchilarning ta’kidlashicha, bu kabi rag‘batlar ularning kelgusi faoliyatlarida yangi yutuqlarga erishish uchun qo‘shimcha kuch va mas’uliyat baxsh etadi.
