18-09-2025 12:56
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining Rossiyaning Qozon shahridagi xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash muassasasida 45 kun davomida saqlanib kelinayotgani va vataniga qaytishda yordam so‘ragani haqidagi videolavha tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, o‘rganishlar natijasida videolavhada tilga olingan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.A. (1983-yilda tavallud topgan) ekani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaroga nisbatan Qozon shahrida emas, balki Saratov viloyatining Ozinsk tumani IIB xodimi A.Sh. tomonidan joriy yilning 2-avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 18.8-moddasi 1.1-qismi (mamlakatda qolish rejimini buzish) bo‘yicha huquqbuzarlik sodir etgani uchun ma’muriy choralar qo‘llanilgan va Rossiya hududidan majburiy chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Fuqaro M.A. shu yilning 11 iyul sanasida ham yuqoridagi modda bo‘yicha huquqbuzarlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, M.A. tegishli xorijga chiqish pasportida Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini kesib o‘tish haqidagi muhrlarning qalbakilashtirilganlik alomatlari mavjudligi bois, hujjat ekspertizaga yuborilgan.
Bundan tashqari, 2025-yil 2 sentyabr kuni Saratov viloyati Ichki migratsiya bo‘limi tomonidan Bosh konsulxonaga mazkur fuqaro uchun O‘zbekistonga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirish yuzasidan so‘rovnoma kelib tushgan. Mazkur so‘rovnoma Konsulxona tomonidan tezkor ravishda ko‘rib chiqilib, ijobiy hal qilingan. Hozirda, Saratov viloyati Ichki migratsiya mas’ul xodimining Qozon shahridagi Bosh konsulxonaga xizmat safarini amalga oshirishi kutilmoqda.
«Qozon shahridagi Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan va masala bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rishda davom etmoqda», — deyiladi xabarda.