18-09-2025 12:42
Guvohlarning aytishicha, u uzukni qo‘liga olib, to‘lamay chiqib ketishidan avval sotuvchilardan: “Agar men shu uzuk bilan chiqib ketsam, meni hibsga olishadimi?” deb so‘ragan. Savdo markazi xodimlari “ha” deb javob berishgach, Pakin uzuk bilan eshikdan chiqib ketgan.
Biroq uzoqqa bormay, do‘kon xodimlari va qo‘riqchilar uni ushlab, politsiyaga topshirishgan. Erkak qarshilik ko‘rsatmagan va ixtiyoriy ravishda huquq-tartibot idoralariga taslim bo‘lgan. Pakin bundan oldin boshqa bir do‘konga ham kirib, xuddi shu savolni bergan, biroq u yerdan hech narsa olib ketmagan.
So‘roq davomida Pakin bu jinoyatni ataylab sodir etganini tan oldi. U ilgari ham qamoqda o‘tirib chiqqani, ozodlikdagi hayot unga og‘irlik qilayotgani hamda qamoqdagi hayotni afzal ko‘rishini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hayotida ketma-ket sodir bo‘lgan omadsizliklar uni bunday qaror qabul qilishiga majbur qilgan. Onasi uni “omadsiz” deb atab, merosdan mahrum qilgan, ishida ham, shaxsiy hayotida ham ishlari yurishmagan. Garchi uylangan va 3 yoshli qizi bo‘lsa-da, o‘zini jamiyatdan uzilgandek his qilgan. Bundan tashqari, u metamfetamin moddasiga qaram bo‘lib qolgan.
Do‘konga moddiy zarar yetmagani va egasi da’vo qilmaganligi sababli erkak o‘g‘rilik uchun jazodan qutulib qolgan. Unga faqat narkotik iste’moli bo‘yicha ayblov qo‘yilib, reabilitatsiya markaziga yuborilgan.