16-09-2025 10:02
Rossiya Tergov qo‘mitasining Primorsk o‘lkasi boshqarmasi ma’lum qilishicha, voqea 10-sentyabrga o‘tar kechasi Xabarovsk ko‘chasida sodir bo‘lgan. 15 yoshli o‘smirlar va ularning sheriklari mast holda to‘xtab turgan avtomobilga zarar yetkazgan, do‘kondagi xaridorlar ko‘z o‘ngida bir shaxsni kaltaklagan va yana bir necha haydovchiga hujum qilgan. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda rossiyalik o‘smirlar o‘zbekistonlik migrantlarni do‘pposlab, ularni haqoratlayotgani aks etgan. O‘zbekistonning Vladivostokdagi bosh konsuli Yusuf Qobuljanov holat aniqlangan zahoti jabrlanuvchilar bilan aloqa o‘rnatilganini va huquqiy yordam ko‘rsatilganini bildirdi. Shuningdek, mahalliy ichki ishlar boshqarmasi va prokuraturaga rasmiy murojaatlar yo‘llangan.
Tergov qo‘mitasi ma’lumoticha, gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlangan. Ulardan biri qo‘lga olingan, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Ayni paytda ular avval ham bezorilik qilgani uchun jinoyat ishiga tortilishi qayd etilmoqda.
Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Vladivostokda rasmiy nota yuborib, Rossiyadan tergov va javobgarlikni talab qilgan edi.