Oʻzbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Erevanga tashrifi doirasida Eron birinchi vise-prezidenti Muhammad Rizo Oref bilan ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikki davlat rahbarlari tomonidan koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlangan.
Uchrashuvda Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishi hamda uning doirasidagi biznes-forumga puxta tayyorgarlik koʻrish, davlatlar oʻrtasida turli sohalarda sanoat kooperasiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga e'tibor qaratilgan.
Oʻzbekiston hukumati delegasiyasi Erevanga tashrif doirasida Evrosiyo iqtisodiy forumida ham ishtirok etgan.
Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegasiyasi Evrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi Hukumat rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisida kuzatuvchi maqomida ishtirok etish uchun Erevanga tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston bosh vaziri oʻz nutqida prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar oʻzining yuksak samaralarini berayotganini alohida ta'kidladi. Yigʻilish soʻngida Evrosiyo iqtisodiy komissiyasi va Oʻzbekiston hukumatining 2024-2026-yillarga moʻljallangan qoʻshma tadbirlari rejasi imzolandi.