16-09-2025 09:58

Joriy yilning olti oyi davomida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat bo‘yicha 34 ta holat qayd etildi. Ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi bilan javobgarlikka tortilgan. 2020–2024-yillar davomida esa xuddi shu modda bilan jami 397 kishi javobgarlikka tortilgan. Ulardan 363 nafariga jarima, 34 nafariga esa qamoq jazosi tayinlangan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.
Qonunga ko‘ra, hayvonlarni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqqa solish yoki azob berish BHMning 3–5 baravarigacha miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi. Agar huquqbuzarlik bir yil ichida takrorlansa, voyaga yetmaganlar hozirligida sodir etilsa yoki hayvonlarning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga olib kelsa, jazo kuchayib, BHMning 5–10 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq belgilanishi mumkin.
Huquqshunoslar va jamoat tashkilotlari mavjud jazo choralarining samaradorligi yuzasidan turli fikr bildirmoqda. Ular hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat ko‘lamini qisqartirish uchun qo‘shimcha huquqiy choralar ko‘rish zarurligini ta’kidlashmoqda.
