10-09-2025 08:24
Wired nashri va xalqaro huquq tashkilotlari tahlil qilgan 100 mingdan ortiq hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Xitoydagi Geedge Networks kompaniyasi internet senzurasi uchun mo‘ljallangan ulkan kuzatuv tizimini boshqa mamlakatlarga sotishni boshlagan. Bu tizim «Buyuk Xitoy devori» asosida yaratilgan bo‘lib, hukumatlarga ommaviy kuzatuv va internet nazorati imkonini beradi.
Geedge o‘z yechimini tijorat mahsuloti sifatida taklif qilmoqda — u data-markazlarga o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan apparat uskunalar va davlat idoralari uchun mo‘ljallangan dasturiy ta’minotni o‘z ichiga oladi. Tizim orqali VPNlar, muayyan veb-saytlar bloklanadi, internet trafik to‘liq tahlil etiladi va hatto alohida shaxslarning faoliyati kuzatiladi.
Kompaniya allaqachon Qozog‘iston, Efiopiya, Pokiston va Myanmada faoliyat boshlagan. Myanmada 13 ta internet provayderga tegishli 26 data-markazda Geedge uskunalari o‘rnatilgan. Beshinchi davlat nomi hujjatlarda ko‘rsatilmagan. Kompaniya o‘z muhandislarini «Bir makon — bir yo‘l» tashabbusida ishtirok etayotgan mamlakatlarga yuborish uchun ishchi qidirmoqda. Ular orasida Malayziya, Bahrayn, Jazoyir va Hindiston bor.
Bu tizim har bir internet paketi maxsus shlyuz orqali o‘tishiga asoslangan bo‘lib, shubhali deb topilgan foydalanuvchilar uchun alohida filtr va cheklovlar o‘rnatilishi mumkin. Tadqiqotchilar buni global miqyosdagi «raqamli konslager» deb atashmoqda. InterSecLab muassasasidan Marla Rivera ta’kidlashicha, bu tizim hukumatlarga haddan tashqari ko‘p nazorat vakolati bermoqda va bu jamiyat uchun xavflidir.
Geedge kompaniyasi Xitoyning davlat konserni China Electronics Corporation (CEC) bilan bog‘langan. Kompaniyada CECning yuqori lavozimli sobiq mutaxassislari va sarmoyadorlari faol ishtirok etmoqda. 2020-yilda AQSH hukumati CEC’ga qarshi sanksiya joriy qilgan edi.