10-09-2025 08:19
Yevropa komissiyasi Rossiya fuqarolariga turistik viza berish jarayonini yanada cheklashni ko‘zda tutuvchi tashabbus ustida ishlayapti. ANSA agentligi xabariga ko‘ra, bu choralar Ukrainadagi urush tufayli joriy qilinayotgan sanksiyalarning 19-paketi doirasida muhokama qilinmoqda. Manbalar aytishicha, bu qarorga yozda rossiyaliklar tomonidan Shengen hududiga tashriflar soni keskin oshgani turtki bo‘lgan.
2024-yilda Rossiya fuqarolari tomonidan 606,6 mingta viza arizasi berilgan va shundan 541,8 mingtasi tasdiqlangan. Ulardan 224 mingtasi ko‘p martalik vizalar bo‘lgan. Eng ko‘p viza bergan mamlakatlar — Italiya (152 ming), Fransiya (124 ming), Ispaniya (111 ming), Gretsiya (60 ming) va Vengriya (23 ming). Boshqa mamlakatlar esa viza berishni qisqartirgan yoki umuman to‘xtatgan.
Shengen vizalari bilan birga, Yevroittifoq Rossiya diplomatlari harakatlarini ham cheklashni rejalashtirmoqda. Bu tashabbusni ilk bor Chexiya ilgari surgan va keyinchalik Daniya, Estoniya, Latviya, Litva, Niderlandiya, Polsha va Ruminiya ham qo‘shilgan. Ular Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat rahbariga yozma murojaat yo‘llagan.
Polsha Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida diplomatik maqomi bor rossiyaliklarning taxminan 20 foizi aslida razvedka xodimlari hisoblanadi. Bu taxminan 400 nafar agent Shengen hududida erkin harakatlanishi mumkinligini anglatadi. Shu bois Varshavada diplomatlar harakatini oldindan xabar berish asosida cheklash amaliyoti joriy qilingan.
Yevroittifoq 2022-yil 12-sentyabrda Rossiya bilan soddalashtirilgan viza kelishuvini to‘xtatgan, yig‘im miqdorini oshirgan va ko‘rib chiqish muddatlarini uzaytirgan edi. Qator davlatlar — Latviya, Litva, Estoniya, Finlandiya, Polsha, Chexiya va boshqalar rossiyaliklar uchun kirishni to‘liq yopgan. Belgiya, Niderlandiya, Islandiya va Daniya esa viza bermay qo‘ygan.