09-09-2025 11:22
2025-yil 6–8 sentyabr kunlari Qozog‘istonning Turkiston shahri Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Bojxona rahbarlarining XI uchrashuviga mezbonlik qildi. Unda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi Akmal Mavlonov, TDT Bosh kotibi Quvonchbek Omuraliyev, Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Vengriyadan vakillar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda asosiy e’tibor iqtisodiy operatorlarni o‘zaro tan olish va milliy tizimlarni integratsiya qilish masalasiga qaratildi. Shuningdek, «Yagona darcha» va «Yagona bekat» orqali chegaradagi tekshirishlarni tezlashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Anjumanda tranzit tashuvlarda elektron plombalardan foydalanish, zamonaviy kuzatuv texnologiyalarini joriy etish va 2022-yilda Samarqandda imzolangan «Soddalashtirilgan Bojxona yo‘lagi» bitimini amalga oshirish masalalari ko‘tarildi. Akmal Mavlonov ushbu bitim texnik ishlarini joriy yil oktyabriga qadar yakunlab, tajriba sifatida ishga tushirish zarurligini ta’kidladi.
«E-Tir» tizimini joriy etish esa anjumanning eng muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Bugungi kunda bu elektron tizim 80 ga yaqin davlatda qo‘llanilmoqda. U Bojxona jarayonlarini tezlashtiradi, transport xarajatlarini qisqartiradi va qog‘oz kitobchalarga bo‘lgan ehtiyojni yo‘qotadi. Masalan, bitta XYT kitobchasi taxminan 5 dollar turadi, a’zo davlatlarda esa yillik millionlab kitobcha ishlatiladi.
O‘zbekiston bu tizimni amalga oshirish uchun YEIKom va BMT Avtomobil transporti xalqaro ittifoqi bilan hamkorlikda uchrashuv o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi. Yig‘ilish yakunida «E-Tir»dan foydalanish bo‘yicha Qo‘shma bayonot hamda Bojxona laboratoriyalari va xavflarni boshqarish sohasida hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi.