28-10-2025 11:00

UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi munosabati bilan Samarqand shahri Qorasuv maskanidagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘i yaqinida 5 gektar maydonda «UNESCO bog‘i» tashkil etiladi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur loyiha doirasida Amir Temur Samarqandda barpo etgan to‘qqizta bog‘ning kichik namunasini yaratish ko‘zda tutilgan.
Bog‘da 27 turdagi 4 mingdan ziyod manzarali daraxt va buta ko‘chatlari, jumladan, kashtan, yapon saforasi, dub, lola daraxti, atirgul, lavanda hamda mahalliy daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi. Shuningdek, bog‘ hududida aholi sayr qilishi uchun yo‘laklar tashkil etiladi, o‘rindiqlar o‘rnatiladi.
