22-07-2025 10:30
Shu yilning 22-iyul kuni soat 12:50 da mazkur yo‘nalish bo‘yicha birinchi reys Toshkent xalqaro aeroportida an’anaga ko‘ra suv arkasi, gullar va bayramona muhitda qarshi olindi.
"Urumchi va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovning ochilishi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviasoha hamkorligini yanada mustahkamlaydi. Bu yo‘nalish biznes va turizm rivojiga katta hissa qo‘shadi. Yo‘lovchilarga ishonchli va zamonaviy parvozlarni taqdim etish bizning ustuvor vazifamizdir", – dedi "Air China" kompaniyasi vakili.
Uzbekistan Airports Handling direktori Timur Xalilov ham mazkur voqeani yuqori baholadi:
"Xalqaro aviasohada yetakchi kompaniyaning yangi yo‘nalishini kutib olish – jamoamiz uchun katta sharaf. Urumchi – Toshkent reysi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va insoniy aloqalarni mustahkamlashda ishonchli ko‘prik bo‘ladi", – deya ta’kidladi u.
"Air China" tomonidan Urumchi — Toshkent — Urumchi yo‘nalishida parvozlar haftasiga uch marta — seshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.