09-09-2025 11:19
8 sentyabr kuni Milliy majlisda 364 deputat Bayru hukumatiga qarshi ovoz berdi. Uning jamoasi sakkiz oydan sal ko‘proq faoliyat yuritdi, xolos. Prezident Emmanuel Makron uni 2024-yil dekabrda tayinlagandi.
Bugun Bayru prezidentga iste’fo arizasini taqdim qilishi kutilmoqda. U Makron davrida oltinchi, 2022-yildan beri esa beshinchi bosh vazir bo‘lib qoldi. Keyingi kunlarda Makron yangisini tayinlashi kerak bo‘ladi.
Ishonchsizlik masalasini Bayruning o‘zi ko‘targandi. U parlament qo‘llab-quvvatlaydi, degan umidda byudjet taqchilligini qisqartirish rejalarini himoya qildi. Fransiyada defitsit 2024-yilda YAIMning 5,8 foizini tashkil etdi, davlat qarzi esa 2025-yil birinchi choragida 3,3 trln yevroga yetdi.
Oppozitsiya bosimida Makron parlamentni tarqatish yoki yaqinda yangi hukumat tuzish o‘rtasida qaror qabul qilishi zarur bo‘ladi. Yangidan shakllanadigan hukumatning eng asosiy vazifasi — byudjetni qabul qilish. Bu masala Bayru ish boshlaganda ham eng katta muammo sifatida turgandi.
2017-yildan buyon Fransiyada tez-tez hukumat almashmoqda. Avval Eduar-Sharl Filipp, keyin Jan Kasteks, Elizabet Born, Gabriel Attal va Mishel Barne bosh vazir bo‘lgan. Endilikda esa Makron o‘zining navbatdagi bosh vazirini izlashga majbur.
Avvalroq Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba iste’foga chiqishini elon qilgan edi.