09-09-2025 10:29
Ushbu ish yuzasidan sud jarayoni allaqachon boshlangan. Ayblovlar tasdiqlansa, erkak umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Ma’lum qilinishicha, 53 yoshli Pechier 2008—2017-yillarda Besanson shahridagi 2 ta klinikada ushbu jinoyatlarni sodir etgan. Sobiq shifokorga hozirda tibbiy faoliyatni davom ettirish taqiqlangan. Shifokorning ismi ilk bora fransuz huquq-tartibot organlari e’tiboriga 2017-yil yanvar oyida tushgan edi. O‘shanda Pechierning bemorlaridan biri — 36 yoshli Sandra Simardning yuragi oddiy operatsiya davomida to‘xtab qolgan. Tekshiruvlarga ko‘ra, bemorga narkoz berish uchun ishlatilgan qopchiqdan potasiy dorisining xavfli dozasi topilgan. Rasmiylar olib borgan tergovda shunga o‘xshash yana o‘nlab shubhali holatlar aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, 3 nafar farzandning otasi bo‘lgan Pechier o‘z hamkasblariga zarar yetkazish uchun ular foydalanadigan tibbiy jihozlarni ataylab zaharlab qo‘ygan. Shundan so‘ng, uning o‘zi bemorlarni jonlantirishda hamkasblariga “yordam bergan”.
Sud eshituvlarida shifokor o‘z aybsizligini ta’kidlab, hech qachon bunday harakatlar qilmaganini da’vo qilgan. Zaharlanish oqibatida 4 yoshdan 89 yoshgacha bo‘lgan 12 nafar bemor vafot etgani aytilmoqda. Shifokorning advokatlari “Pechierning aybsizligini isbotlash uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishini” ma’lum qilgan.
Sud jarayoni dekabrgacha davom etishi kutilmoqda. Sudyalar ushbu ishni “holati, davomiyligi va texnik murakkabligi jihatidan hayratlanarli” deb ta’riflamoqda. Hozirda Pechier hibsda saqlanayotgani yo‘q, faqatgina sud nazorati ostida ozodlikda yuribdi.