08-09-2025 10:03
AQSH noimmigratsion vizalari uchun yangi qoida fuqarolarga katta cheklov qo‘ydi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti ma’lumot berdi.
Endilikda xorij fuqarolari noimmigratsion vizalar, jumladan, B1/B2 sayyohlik vizasi uchun arizani faqat o‘z fuqaroligi yoki doimiy yashash huquqiga ega mamlakatda topshirishi mumkin. Ilgari bu turdagi arizalar istalgan davlatda qabul qilingan.
6-sentyabrga qadar suhbatga yozilganlar uchun oldingi shartlar amal qilishda davom etadi. Yangi qoida diplomatik, xizmat hamda NATO vizalariga tatbiq etilmaydi. Ayrim hollarda tibbiy yordam, insonparvarlik yoki tashqi siyosat asosida istisnolarga ruxsat berilishi qayd etilgan.
Shu bilan birga, viza berish vaqtincha to‘xtatilgan mamlakatlar fuqarolari uchun aniq yo‘nalishlar belgilandi. Masalan, rossiyaliklar Ostona va Varshavada, beloruslar Vilnyus va Varshavada, ukrainaliklar esa Varshava va Krakovdagi elchixonalarga murojaat qila oladi. Eron fuqarolari uchun esa Dubaydagi vakolatxona xizmat ko‘rsatadi.
Oxirgi oylarda Donald Tramp ma’muriyati AQSH vizasi qoidalarini bosqichma-bosqich qattiqlashtirmoqda. May oyida xorijlik talabalar uchun ijtimoiy tarmoqlarda majburiy tekshiruv joriy etildi. Iyunda esa 12 davlat fuqarolariga kirish taqiqlandi, keyinroq ro‘yxat yana 36 davlat bilan kengaytirildi.
Avgustda tijorat yuk mashinalari va olis yo‘nalishlarda harakatlanuvchi xorijlik haydovchilarga ishchi vizalar ham to‘xtatildi. Davlat kotibi Marko Rubio bu qarorni mahalliy haydovchilar manfaatini himoya qilish bilan izohladi.