04-09-2025 10:59
Maxsus so‘rovnomada ishtirok etganlarning aksariyati yangiliklardan voz kechish sababini ularning kayfiyatga salbiy ta’siri, uzluksiz xabarlar oqimidan charchashi, urush va falokatlarga ortiqcha e’tibor qaratilishi hamda voqealarga ta’sir qila olmaslik kabi aybdorlik hissi bilan izohlashgan.
Tadqiqot qatnashuvchilaridan biri Mardett Berr sakkiz yil avval yangiliklarni o‘qishni butunlay to‘xtatganini aytdi. Shu vaqtdan e’tiboran uning doimiy xavotir hissi bezovta qilmay qo‘ygan va uyqusi ham yaxshilangan. Britaniyalik Julian Berret esa pandemiya davrida axborot oqimidan ataylab voz kechgan. U barcha OAV ilovalarini o‘chirib tashlagan va hatto Reddit’dagi yangiliklardan voz kechishning ijobiy va salbiy tomonlari muhokama qilinadigan guruh ham ochgan.
Shunga qaramay, barcha internet foydalanuvchilari yangiliklardan butunlay kuzatmay qo‘yishga tayyor emas. Ba’zilar faqat sarlavhalarni ko‘zdan kechiradi, boshqalar esa sinchiklab tanlab olingan OAVlarga obuna bo‘lib, haftasiga bir marta yangiliklar dayjestini o‘qish bilan kifoyalanadi.
O‘tkazilgan tadqiqot va “Yangiliklardan qochish” kitobida qayd etilishicha, dunyo xabarlariga qiziqmaslik yoki ularni kuzatmaslik ko‘proq yoshlar, ayollar hamda daromadi past ijtimoiy guruh vakillari orasida uchraydi. Ya’ni, bu toifadagi odamlar yangiliklarni o‘qish yoki ko‘rish o‘rniga boshqa mashg‘ulotlarni tanlashga moyilroq bo‘ladi. Shuningdek, bu holat turli mamlakatlarda har xil ko‘rsatkichlarga ega: masalan, Buyuk Britaniyada aholining deyarli yarmi — 46 foizi yangiliklarga befarq, AQShda esa bu raqam 42 foizni tashkil etadi.
“Biz 24 soat, 7 kun davomida yangiliklarga ulanish va istalgan paytda axborot oqimi bilan yuzlashish mumkin bo‘lgan dunyoda yashaymiz. Ammo insonlar ularni o‘qishga majbur emas”, deydi Minnesota universiteti qoshidagi Jurnalistika markazi direktori Benjamin Toff.