04-09-2025 10:38
Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi «Yangi Angren» IES atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar chiqarayotgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi ma’lum qildi. Holat ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlardan so‘ng maxsus tekshiruv orqali aniqlangan.
Ma’lumotga ko‘ra, chang-gaz tozalash uskunalari ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan zararli moddalarni yetarlicha tozalay olmagan. Shu bois Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 apreldagi qarori asosida kompensatsiya hisob-kitob qilingan hamda korxonaga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Kompensatsiya miqdori aniq ochiqlanmadi.
Bu birinchi holat emas. 2024 yil fevralida ham «Yangi Angren» IESda filtrlar samaradorligi pasayib, havoga me’yordan ortiq moddalar chiqqani aniqlangandi. O‘shanda stansiya 1 mlrd 3 mln so‘m kompensatsiya to‘lashga majbur etilgan edi.
Xabarda ta’kidlanishicha, aholi turmushiga salbiy ta’sirni kamaytirish va havoga chiqindilar tashlanishini cheklash uchun yo‘l xaritasi ishlab chiqilgan.