04-09-2025 10:56
Aniqlanishicha, 26-avgust kuni Uzun tumanidagi mahallalarning birida noma’lum ayol antisanitariya holatida xonadon egalari tomonidan molxonada majburiy ushlab turilgani haqida kelib tushgan xabarga asosan, mahalla profilaktika inspektori voqea joyiga yetib borgan.
Xonadon egalarining qarshiligiga qaramasdan molxona eshigini buzilib, xonadon egasining norasmiy turmush o‘rtog‘i va uning 5 oylik o‘g‘il farzandi og‘ir sharoitda majburlab saqlanib kelayotgani aniqlangan. Jabrlanuvchilar zudlik bilan tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan.
Erkak onasi va yaqin qarindoshlari bilan norasmiy turmush o‘rtog‘ining ruhiy holatidagi o‘zgarishlari borligidan (tilida nuqsoni borligi, fikrlarini to‘liq bayon qilishga qiynalishi) foydalanib bir necha oy davomida unga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik ishlatib, majburlab, xonadon ichidagi molxonada yashirin ravishda saqlab kelgan.
Hozirda jabrlanuvchi Uzun tumani tibbiyot birlashmasi jarrohlik bo‘limiga, farzandi esa tug‘ruq bo‘limiga davolanish uchun joylashtirilib, ularning sog‘lig‘i bilan bog‘liq vaziyat viloyat ijtimoiy himoya boshqarmasi mas’ullari tomonidan alohida nazoratga olingan.
Holat yuzasidan, tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 126 prim 1-moddasi 7-qismi “a”, “e” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi erkak va uning ishga aloqador bo‘lgan uch nafar yaqin qarindoshi prosessual tartibda qamoqqa olingan.
Jinoyat ishi Surxondaryo viloyati IIB tomonidan qat’iy nazoratga olingan bo‘lib, ish yuzasidan barcha tegishli sud-tibbiyot ekspertizalari tayinlanib, tergov-protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Toshkent viloyatida er ayolini o‘lgunicha kaltaklab, vafotiga sababchi bo‘lgani haqida xabar berilgan. Andijonda esa erkak janjal sabab xotinini o‘ldirgandi.