29-10-2025 09:26

Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich rafiqasi bilan 29-oktyabr kuni Toshkent shahrida barpo etilgan, Islom me’morchiligining haqiqiy durdonasi va O‘zbekistonning Uchinchi uyg‘onish davri timsoli sanalgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Oliy martabali mehmonga Bosh vazir o‘rinbosari O.Ramatov hamda markaz rahbariyati, olimlar hamrohlik qilib, dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan ushbu ulkan me’moriy majmua hamda uning jahon ilm-fani va islom olamidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Prezident Aleksandr Vuchich markazning muzeyi, ko‘rgazma zallari, arxiv, axborot texnologiyalari markazi, qo‘lyozmalar bo‘limi, xattotlik va islom merosini saqlashga qaratilgan infratuzilmalar bilan tanishdi.
Shuningdek, markaz hududida tashkil etilgan Islom akademiyasi, axborot-resurs markazi, konferensiya zali va boshqa inshootlar o‘ziga xos me’moriy uslubda bunyod etilgani bilan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Zamonaviy shaharsozlik sharoitida bunday me’moriy yodgorliklarning ahamiyati, Markazning maqsad va vazifalari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Qadimiy me’moriy an’analar va milliy bezaklar uyg‘unligida qurilgan, to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz barpo etilgan bu inshootning mahobati mehmonlarni o‘ziga rom etdi.
Prezident Aleksandr Vuchich markazdagi ekspozitsiyalar bilan tanishib, xalqimizning boy tarixiy va ma’naviy merosini keng namoyish etishga qaratilgan bunday ishlar yuksak samara berishiga ishonch bildirdi.
