Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, yigʻilishda, birinchi navbatda, ommaviy sportni va olimpiya harakatini kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Parijda boʻlib oʻtgan olimpiada va paralimpiada sovrindorlari bilan uchrashuvda davlat rahbari 2028-yilda Los-Anjelesda boʻladigan oʻyinlarga hozirdan tayyorgarlik koʻrish, yoʻllanmalar soni va turini koʻpaytirish zarurligini taʼkidlagan edi.
Shundan kelib chiqib, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari tomonidan sport turlari boʻyicha foydalanilmagan imkoniyatlar yana bir bor tanqidiy tahlil qilindi, deyiladi xabarda.
Prezident Olimpiya oʻyinlarida yengil atletika boʻyicha 48 ta, suv sporti turlarida 49 ta dastur mavjudligi, lekin oʻzbekistonlik sportchilar bor-yoʻgʻi 5 va 4 ta yoʻllanma bilan qatnashganini aytdi.
Taʼkidlanishicha, tennis, oʻq otish, gimnastika, velosport boʻyicha federatsiyalar ham, sharoit ham bor. Yunon-rum kurashi, ot sporti, qilichbozlik, eshkak eshish boʻyicha hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp. Chim ustida xokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlarini ham rivojlantirish zarur.
Shavkat Mirziyoyev mazkur sport federatsiyalari ishini jonlantirish, oʻquv-mashgʻulotlar tizimini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgiladi.
Bundan tashqari, mahallalarda seleksiya ishlarini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni professional etib tarbiyalash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Keyingi yilgi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlaridan soʻng Toshkentda qurilayotgan Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish koʻzda tutilmoqda. Buning uchun “Aqlli shahar” konsepsiyasiga asoslangan maʼmuriy boshqaruv tashkil etiladi.
U sport majmualarini saqlash, jihozlar va texnik tizimlar holatini kuzatib borish, zarur hollarda taʼmirlash bilan shugʻullanadi. Ustuvor sport turlari boʻyicha yillik reja tasdiqlanib, hududlardagi sportchilarning Olimpiya shaharchasida oʻquv-mashgʻulot oʻtkazishi yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, bu tuzilmaga ommaviy tadbirlarni tashkil etish, ijara va boshqa xizmatlarni koʻrsatish huquqi beriladi.
Bugungi kunda xokkey boʻyicha 4 ta sport klubi va 3 ta sport inshooti mavjud. Yigʻilishda ushbu sport turini rivojlantirish, keyinchalik Olimpiya shaharchasi hududida xokkey majmuasini qurish boʻyicha takliflar bildirildi.
Davlat rahbari aholini jimoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etish, xalqaro musobaqalarga tizimli tayyorgarlik koʻrish boʻyicha topshiriqlar berdi.