04-09-2025 10:04
O‘zbekiston Senati «Qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi. Yangi qonunga muvofiq, jazo o‘tayotgan mahkumlar kitob o‘qish orqali muddatdan erta ozod bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Jinoyat kodeksi 74/1-modda bilan to‘ldirilib, unda mahkumlar tomonidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tasdiqlagan ro‘yxatdagi kitoblarni o‘qish orqali jazoning kamaytirilishi ko‘zda tutilgan. Har bir kitob uchun jazo 3 kunga qisqarishi mumkin. Biroq, bir yilda eng ko‘pi bilan 30 kunlik imtiyoz berilishi mumkin.
Bu imkoniyat umrbod ozodlikdan mahrum qilinganlardan tashqari, faqat shartli ravishda muddatidan oldin ozod etilishi mumkin bo‘lgan shaxslarga tegishli bo‘ladi. Bundan 13,5 mingdan ortiq mahkum foydalanishi mumkin.
Qonun bilan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunga ham o‘zgartish kiritildi. Jumladan, profilaktik hisobga olish asoslari qayta ko‘rib chiqilib, ma’muriy huquqbuzarlik turlari xavf darajasi va jinoyat sodir etish ehtimoliga qarab aniqlanishi belgilandi.
Bundan tashqari, ma’muriy javobgarlikka oid qonunga ham o‘zgartish kiritilib, transport vositalarini mast holda boshqarganlik yoki yo‘l bezoriligi sodir etgan shaxslar alohida profilaktik hisobga olinadigan toifa sifatida belgilandi.