04-09-2025 12:40
“L-410UVP-E20” rusumli havo kemasining muvaffaqiyatli parvozi orqali nafaqat texnik imkoniyatlar sinovdan o‘tkazildi, balki Arnasoy hayotida yangi bir sahifa ochildi.
Bu muhim jarayonni Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov shaxsan kuzatdi va bizga quyidagilarni gapirib berdi:
— Arnasoy tarixida bunday loyiha ilk bor amalga oshirilmoqda. Asrlar davomida qumlik va yaydoq bo‘lib kelgan bu hududda bugun yashnab turgan yangi hayot barpo etilmoqda. Aeroport — faqatgina transport obyekti emas, balki u turizm, investitsiya va iqtisodiy yuksalishning yangi drayveriga aylanadi.
Haqiqatan ham, Aydar-Arnasoy ko‘llari qirg‘og‘ida turizmni rivojlantirish maqsadida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ekoturizm va sayyohlik klasterlari qurilmoqda, mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar faol jalb etilyapti. Bu hududning tabiiy go‘zalligi, musaffo havosi va tinch muhiti sayyohlar uchun jozibali maskanga aylanmoqda.
Hokimning ta’kidlashicha:
— Bugungi kunda turistik zonada mehmonxonalar, dam olish maskanlari, suv sporti infratuzilmalari va yo‘l-transport tarmoqlari jadal rivojlanmoqda. Qurilayotgan aeroport esa ushbu loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi strategik obyekt hisoblanadi. Endi sayyohlarimiz uchun Arnasoyga yetib kelish ancha oson, xavfsiz va qulay bo‘ladi.
Aeroport to‘liq ishga tushgandan so‘ng, u nafaqat ichki, balki xalqaro turistik oqimni ham qamrab olishi kutilmoqda. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik biznesni rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish sohasida faollikni oshirishga turtki bo‘ladi.
Samolyotning muvaffaqiyatli qo‘nishini mahalliy aholi ham mamnuniyat bilan kutib oldi. Bu voqea Arnasoyda amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy yondashuv va yangicha fikrlash natijasi ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
— Arnasoyni qayta kashf etish davri boshlandi, — deya ta’kidlaydi hokim. — Biz nafaqat tabiat go‘zalligiga, balki uning iqtisodiy salohiyatiga ham e’tibor qaratayapmiz. Turizm esa shu salohiyatni to‘liq ochib beruvchi eng samarali yo‘nalishlardan biridir.
Yangi aeroport faoliyat boshlashi bilan Arnasoy Jizzax viloyatidagina emas, balki mamlakat darajasidagi strategik-turistik nuqtaga aylanishi kutilmoqda. Bu esa hududning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga, tumandagi barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.