30-10-2025 09:10

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov bu masala noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ma’lum qildi. Uning qayd etilishicha, tarqatilayotgan hujjat rasmida O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokorining shu yil 26-sentyabrdagi qarori aks etgan. Hujjat sanasiga e’tibor berilsa, u sentyabr oyida imzolangani ma’lum bo‘ladi. Aslida, har yili mavsumiy o‘tkir respirator kasalliklar va gripp avj olishidan oldin bu kabi qarorlar qabul qilinib, joylardagi muassasalarga tegishli tavsiyalar berib kelinadi.
"Qarorda epidemik vaziyat murakkablashganda tibbiy niqob taqish belgilangan. Hozir epidemik vaziyat barqaror, shunday ekan, maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yo‘q. Agar guruhda kasallangan bolalar bo‘lsa, o‘sha bemor bilan muloqotga kirishish ehtimoli bor joylardagina niqob taqish tavsiya etiladi", — deydi u.
Havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan kasalliklarda imkon qadar ijtimoiy masofa saqlash va muloqot davrida niqobda bo‘lish maqsadga muvofiqligi eslatadi mutaxassis.
Hujjatda aytib o‘tilgan tibbiy niqob taqish tartibi joylarda vaziyatga qarab hal qilinadi. Buni zinhor yoppasiga shunday tartib joriy qilinyapti, deb talqin qilmaslik kerak.
Shu ma’noda, mazkur qarorga joylardagi epidemik vaziyat qay darajada murakkab yoki murakkab emasligidan kelib chiqib, tegishli chora qabul qilish uchun mo‘ljallangan odatiy hujjat sifatida qaralishi zarur.
