04-09-2025 10:02
Senatning navbatdagi yalpi majlisida «Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi. Qonun aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Hujjatda davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimi, sug‘urta xodisasi, sug‘urtalanuvchi va sug‘urtalovchi tomonlarning huquq va majburiyatlari, mablag‘lar manbalari, sug‘urta badali stavkalari va moliyaviy kafolatlar belgilangan. Shuningdek, to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartiblari ham bayon etilgan.
Biroq muhokama chog‘ida senatorlar qonunning bir nechta jihatlariga tanqidiy yondoshdi. Jumladan, hujjatda vakolatli organning vazifalari ochiq yoritilmagani qayd etildi. Shuningdek, unda 10 tadan ortiq havola normalari mavjud bo‘lib, bu amalda qonunning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashini cheklab qo‘yadi.
Bundan tashqari, yangi qonun qabul qilinsa, amaldagi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga qanday o‘zgartishlar kiritilishi masalasi qamrab olinmagani tanqid qilindi. Senatorlar bu kabi kamchiliklar bartaraf etilishi lozimligini ta’kidlab, o‘z takliflarini bildirdi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan rad etildi.