31-10-2025 09:11

“Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish choralari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokamasi jarayonida ushbu sohada ta’sirchan davlat nazoratini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish, elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, gazdan yoqilg‘i yoki xomashyo sifatida foydalanishga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish choralarini takomillashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksida elektr, issiqlik energiyasi, gaz va suv o‘tkazgichdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazo choralari kuchaytiriladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga huquqni qo‘llash amaliyotidagi noaniqliklarni bartaraf etish, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga hamda bunday qoidabuzarliklar uchun jazo choralarining ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish hamda iqtisod qilingan energiya resurslarini sanoatning boshqa tarmoqlariga yo‘naltirish, qolaversa, ularning eksportini oshirib, import ulushini kamaytirishga xizmat qiladi.
