04-09-2025 10:13
Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida quriladigan yangi xalqaro aeroport uchun deyarli 1310 gektar yer maydoni ajratiladi. Bu haqda Kadastr agentligining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, O‘rta Chirchiq tumanida 790,76 ha, Quyi Chirchiq tumanida esa 519 ha yer ajratiladi. Ushbu yerlarning 1075,45 gektari sug‘oriladigan yerlar, 112,69 gektari bog‘ maydonlari, 0,65 gektari yaylov va pichanzorlar, qolgan 120,97 gektari esa boshqa maqsadlardagi yerlardan iborat.
1 avgust kuni Prezident farmoni bilan yangi aeroport qurilishi boshlangani e’lon qilingan edi. Loyihaga ko‘ra, aeroport birinchi bosqichda yiliga 20 mln nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi, 169 ta samolyotni bir vaqtning o‘zida qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi va soatiga 40 dan ortiq qo‘nish va uchish amalga oshiriladi.
Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayevning ta’kidlashicha, yangi aeroport to‘liq raqamlashtiriladi va zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etiladi. Transport vaziri Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, aeroport Toshkentning amaldagi havo bekatidan 17 km janubda, M-39 avtomagistrali va kelajakdagi Toshkent–Samarqand pulli yo‘li yo‘nalishida joylashadi.
Avgust oyi o‘rtalarida Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev loyiha jami 1200 gektar maydonda amalga oshirilishini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning yangi aeroportidan tashqari, 2026 yilda Buxoro va Urganchda ham yangi xalqaro aeroportlar qurilishi boshlanishi rejalashtirilgan.