04-09-2025 10:09
Uning so‘zlariga ko‘ra, dasturning dastlabki bosqichi sifatida Oyga foydali yuklar yetkazilib, u yerda baza qurilishi rejalashtirilgan. Keyinchalik 2030-yillar boshida Marsga yo‘l olish ko‘zda tutilmoqda. «Bu 8 oy davom etadigan missiya bo‘ladi», — dedi Daffi.
NASA rejasiga muvofiq, 2026 yil bahorida to‘rt nafar astronavt Oy atrofida parvoz qilib, keyin Oyga qo‘nadi. Ular 8–12 kun davomida unda qolishi kutilmoqda. Bungacha Oyda eng uzoq turish muddati 3 kun bo‘lgan edi.
Shu bilan birga, amerikalik milliarder Ilon Mask ham o‘z rejalarini e’lon qildi. U 2026 yil oxirida Starship kosmik kemasi yordamida Optimus nomli odamsimon robotni Marsga yuborishni ko‘zlamoqda. Maskning fikricha, agar ushbu missiya muvaffaqiyatli kechsa, 2029 yilga kelib odamlarning Marsga qo‘nishi mumkin. Ammo u voqea 2031 yilda ro‘y berishi ehtimoli yuqori ekanini ta’kidladi.
Ilon Mask «NASAni yana buyuk qilish» tashabbusi doirasida o‘zining do‘sti, ikki marta kosmosga chiqqan milliarder Jared Ayzekmanni NASA rahbari lavozimiga taklif qilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp ham uning nomzodini qo‘llab-quvvatlagan. Biroq Mask bilan kelishmovchiliklar tufayli iyun oyida agentlikka vaqtinchalik rahbar sifatida Shon Daffi tayinlangan.
Avvalroq NASA va IBM olimlari hamkorligida yaratilgan «Surya Heliophysics Foundational Model» sun’iy intellekt tizimi quyoshda yuzaga keladigan kuchli chaqinlarni Yerga yetib kelishidan ikki soat oldin aniqlash imkoni borligi haqida xabar bergan edik.