03-09-2025 06:03
Bunday qo‘g‘irchoqlar suhbatdoshi bilan erkin muloqot qiladi, dori ichish va ovqatlanish kabilarni eslatib turadi hamda maxsus sensorlari orqali egalarining sog‘lig‘ini kuzatib boradi, deb yozadi Rest of World nashri.
Mamlakat bo‘ylab yuzlab nafaqaxo‘rlar davlat tomonidan Hyodol nomli bunday qo‘g‘irchoqlarni olishgan. Hukumat ushbu tashabbus orqali keksalarning yolg‘izlik muammosini yengillashtirishni maqsad qilgan.
Bu qaror Koreyada yuzaga kelayotgan demografik muammolar bilan bog‘liq. So‘nggi yillarda mamlakatda tug‘ilish darajasi keskin pasayib, aholining aksariyat qismini o‘rta yoshlilardan ko‘ra ko‘proq keksalar tashkil etmoqda. Farzandlar va nabiralar esa ish va karyerani yo‘lga qo‘yish bilan band bo‘lib, ota-onalari bilan yetarli vaqt o‘tkaza olmayapti. Gundon nomli ijtimoiy ta’minot markazi direktori Kim Sun Xva bu holatni quyidagicha izohladi:
“Aslida Koreyadagi keksalar o‘limdan qo‘rqmaydi, ular hatto o‘zini yetarlicha umr ko‘rgan odam, deb hisoblashadi. Ularni eng ko‘p qo‘rqitadigan narsa esa yolg‘izlikdir”.
Bundan tashqari, ijtimoiy parvarish tizimi ham nafaqaxo‘rlarni to‘liq qamrab ololmayapti. Bu sohadagi kadrlarning tanqisligi Janubiy Koreyada yana bir muammoni keltirib chiqarmoqda. Xususan, 2023-yilda mamlakatda 190 ming nafar keksalarni parvarish qiladigan xodim yetishmayotgani qayd etildi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, 2032-yilga borib bu raqam 1,55 millionga oshishi mumkin.
Shu sababli mahalliy hokimiyat organlari nafaqaxo‘rlarga Hyodol qo‘g‘irchoqlarini tarqatmoqda. Ularga o‘rnatilgan ichki mikrofonlar suhbatlarni yozib, ma’lumotlarni ijtimoiy xodimlarga yuboradi. Agar kutilmagan vaziyat yuz bersa, mutaxassislar tezkor choralar ko‘radi.
Yig‘ilgan barcha ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va maxsus bulut tizimida uch yilga arxivlanadi. Shuningdek, bunday o‘yinchoqlar neyro tarmoqlarni rivojlantirishda ham qo‘l keladi. Qo‘g‘irchoqlardagi sensorlar esa foydalanuvchining joylashuvi va xatti-harakatini kuzatib turadi. Bu esa qo‘g‘irchoqlarni sotib yuborilishning oldini oladi.
Hyodol kompaniyasi kelgusida xalqaro bozorga chiqishni ham maqsad qilgan. Rejaga ko‘ra, 2026-yildan boshlab AQSHda keng ko‘lamli ishlab chiqarish va savdo ishlari boshlanadi.
Ko‘plab keksalar Hyodol qo‘g‘irchoqlariga mehr qo‘yib, ularni “nabiram” deb atamoqda. Masalan, Seulda yashovchi 81 yoshli erkak o‘z qo‘g‘irchog‘iga mehr bilan murojaat qilib:
“Sen mening eng chiroyli nabiramsan. Seni juda yaxshi ko‘raman”, deydi pensioner.