02-09-2025 07:12
Telegram messenjeri jamoasi 12.0 (Android) va 6.1 (PK) versiyalarda katta yangilashni taqdim etdi. Eng asosiy yangiliklar qatorida stikerlar uchun mini-ilova, profilga musiqa qo‘shish, sovg‘alarni yaxshilash va dinamik chat mavzulari bor.
Endi foydalanuvchilar o‘z profiliga chatlardan istalgan musiqani qo‘shishi mumkin. U profilda ism ostida ko‘rinadi va bosilsa, eski qo‘shiqlardan pleylist paydo bo‘ladi. Bu uchun audioni pleyer orqali yoki «Saqlash» orqali profilga joylash mumkin.
Shuningdek, foydalanuvchi o‘z profilida qaysi bo‘lim (masalan, tarixlar yoki sovg‘alar) birinchi bo‘lib ko‘rinishini belgilashi mumkin. Bu funksiya «Mening profilim» bo‘limida tanlanadi.
Yana bir yangilik — sovg‘alar asosida chat mavzulari yaratish. Telegram’dagi kolleksion sovg‘alarga ega bo‘lganlar ularning uslubiga mos fonlar orqali chat mavzusini yaratishlari mumkin. Har bir sovg‘a uchun alohida, eksklyuziv dizayn taqdim etiladi.
Sovg‘alar bo‘yicha yana bir funksiya — boshqa foydalanuvchiga «yulduzlar» (ichki valyuta) yuborish orqali uning sovg‘asini yaxshilash imkoniyati. Agar qabul qiluvchi sovg‘ani yangilashni xohlasa, bu unga bepul bo‘ladi. «Yaxshilanmagan» (Upgradeable) filtri orqali transformatsiya qilish mumkin bo‘lgan sovg‘alar saralanadi.
Sovg‘alar bozorida esa endi har bir elementning qayta sotishdagi taxminiy qiymati va o‘rtacha narxlar statistikasi ham ko‘rsatiladi.
Yangi mini-ilova — @Stickers ham ishga tushirildi. U orqali stiker va emodzilar yaratish, mavjud to‘plamlar bilan boshqarish va foydalanish statistikasini ko‘rish mumkin.