29-08-2025 09:44
Bloomberg Billionaires Index ma’lumotlariga ko‘ra, «Labubu» qo‘g‘irchoqlari va Xitoyning Pop Mart kompaniyasi asoschisi Van Ning dunyoning eng boy insonlari ro‘yxatida 85-o‘rinni egalladi. Uning boyligi bir yil ichida qariyb $20 mlrdga ko‘paydi.
Van Ningning asosiy daromad manbai Pop Mart aksiyalari bo‘lib, u «blind box» segmentida Xitoydagi eng yirik ishlab chiqaruvchiga aylangan. Bu segmentda xaridor qaysi versiya qo‘lga tushishini oldindan bilmaydi. Shu orqali kompaniya qiymati jadal o‘sib, asoschisini milliarderlar qatoriga qo‘shdi.
O‘zbekistonda ham «Labubu»ga qiziqish keskin ortgan. Uzum Market ma’lumotlariga ko‘ra, may oyidan buyon talab yuqori bo‘lib, ayrim hollarda fuqarolar jami $110 ming sarflagan. Eng ommalashgan model 900 dan ziyod buyurtmaga ega bo‘lgan. Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro va Navoiyda sotuvlar ayniqsa faol kechgan.
Shu bilan birga, AQSH bozorida qalbaki «Labubu»lar paydo bo‘lgani haqida iste’molchilar ogohlantirildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, soxta qo‘g‘irchoqlar bolalar uchun xavfli bo‘lib, bo‘g‘ilish holatlariga sabab bo‘lishi mumkin. Internetda «Lafufu» nomi bilan tarqalgan soxta mahsulotlar talab yuqorilashgani bilan birga ko‘paya boshlagan.
«Labubu» qo‘g‘irchoqlari 2019-yildan bozorda, ammo 2025-yilga kelib Osiyodan tashqari Yevropada ham xitga aylandi. Ochiq tabassumli qiyofasi bilan mashhur bu o‘yinchoqlar kattalar, moda ishqibozlari va kolleksionerlar orasida ham ommalashib, do‘konlarda navbatlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Van Ning ilk bor Xitoyning eng boy 10 kishisi qatoriga kirdi. U bu ro‘yxatda ByteDance asoschisi Chjan Imin va Tencent hammuassisi Ma Xuaten bilan birga eng yosh milliarderlardan biri sifatida qayd etilmoqda.