29-08-2025 09:42
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissariyati (OHCHR) – 1993-yilda tashkil etilgan va inson huquqlarini targ‘ib qilish hamda himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Uning Jenevadagi bosh idorasiga qilingan murojaatni taxminan 2 000 global xodimining chorak qismi qo‘llab-quvvatlagan.
Reuters nashri tasdiqlagan xatda aytilishicha, xodimlar deyarli ikki yildan beri davom etayotgan Isroil-Hamas urushi bo‘yicha genotsidning huquqiy mezonlari bajarilgan deb hisoblaydi. Ular bu fikrni hujjatlashtirilgan huquqbuzarliklarning ko‘lami, miqyosi va xarakteri bilan asoslagan.
«BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarligi genotsidni qoralash borasida kuchli huquqiy va axloqiy majburiyatga ega», deyiladi xatda. Bu xat 500 dan ortiq xodim nomidan xodimlar qo‘mitasi tomonidan imzolangan bo‘lib, Bolker Tyurkni «aniq va ochiq pozitsiya» bildirishga chaqirgan.
«Davom etayotgan genotsidni qoralamaslik BMTning ishonchliligi va inson huquqlari tizimini yemiradi», deyiladi xatda.
G‘azoda Isroilning harakatlarini bir necha bor qoralagan va tobora kuchayib borayotgan jinoyatlar xavfi haqida ogohlantirgan Tyurk esa xat muhim masalalarni ko‘targanini bildirdi.
«Men hammamiz guvoh bo‘layotgan dahshatlardan kelib chiqqan axloqiy g‘azab tuyg‘usini va xalqaro hamjamiyatning bu vaziyatni to‘xtata olmayotganidan kelib chiqayotgan umidsizlikni his qilayotganimizni bilaman», degan u javob xatida. Shuningdek, u xodimlarni «bunday qiyinchilik qarshisida idora sifatida birlashib qolishga» chaqirdi, deb yozmoqda Reuters.
BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning aytishicha, bosh kotib Antonio Guterrish Oliy komissarni to‘liq va so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydi. U qo‘shimcha qilib shunday dedi: «Biror voqeani genotsid deb atash vakolati faqat huquqiy organlarga tegishli».
Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa BMT ichki xodimlarining xatlariga «ular Isroilga nisbatan ko‘r-ko‘rona nafrat bilan yo‘g‘rilgan bo‘lsa ham» javob bermasligini bildirdi. Isroil ilgari ham G‘azodagi genotsid ayblovlarini rad etgandi.
Inson qo‘li bilan yaratilgan falokat
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumlari natijasida hududda qariyb 63 ming odam halok bo‘lgan. Global ocharchilik monitoring tizimi esa hududda rasman ocharchilik boshlanganini qayd etgan.
Amnesty International kabi ko‘plab huquqiy tashkilotlar allaqachon Isroilni genotsidda ayblagan. BMTning mustaqil eksperti Francheska Albaneze ham bu atamani ishlatgan. Biroq BMTning o‘zi hali «genotsid» so‘zini rasmiy ravishda qo‘llamagan. BMT rasmiysi «genotsidni belgilash xalqaro sudlarning vazifasi» ekanini aytib keladi.
«Ba’zilar uchun genotsid daromadli» — BMT eksperti butun dunyoni Isroil bilan savdoni to‘xtatishga chaqirdi
2023-yilda Janubiy Afrika Isroilning G‘azodagi harakatlariga doir genotsid ishi bilan Xalqaro sudga murojaat qilgan edi. Ammo ishning mohiyati hali ko‘rib chiqilmagan, bu jarayon yillar davom etishi mumkin.