29-08-2025 05:11
Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv yaqin fursatda o‘tkazilmasligini ma’lum qildi. U bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida gapirdi. Mersning ta’kidlashicha, Donald Tramp va Putin o‘rtasida ilgari kelishuv bo‘lganiga qaramay, bu muzokara amalga oshmaydi.
Bu bayonot 28-avgustga o‘tar kechasi rossiyaliklarning Kiyevga navbatdagi zarbasi ortidan yangradi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Moskva tomonidan dronlar, qanotli va ballistik raketalar ishlatilgan. Kiyev harbiy ma’muriyatining xabar berishicha, hujum natijasida 21 kishi halok bo‘lgan, ular orasida kamida 4 nafar bola bor. Barcha tumanlarda zarar yetkazilgan, Darnitsadagi besh qavatli uyning bir podyezdi butunlay vayron qilingan.
Zelenskiy va Putin uchrashuvi mavzusi avgust oyi o‘rtalarida dolzarblashgan edi. 15-avgust kuni Donald Tramp Ankorijda Putin bilan uchrashib, Ukraina ham ishtirok etadigan uch tomonlama muzokara tashabbusini ilgari surgandi. Biroq oradan hafta o‘tmayoq Tramp Putin Zelenskiy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilishni istamasligini tan oldi — go‘yoki u ukrain rahbarini yoqtirmas ekan.
Rossiya muzokaralar uchun qo‘shimcha shartlarni qo‘ymoqda. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, uchrashuv faqat «kun tartibi to‘liq kelishilgandan» so‘ng amalga oshishi mumkin. Ukraina esa muzokaralar bo‘yicha mas’uliyatni Kreml zimmasiga yuklamoqda. Prezident Zelenskiy: «Biz muzokaradan qochmayapmiz, istalgan formatda tayyormiz. Moskva tomonidan hech bo‘lmaganda minimal konstruktiv yondashuv bo‘lishiga umid qilamiz», — deya ta’kidladi.
26-avgust kuni Mers agar Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi muzokaralar amalga oshmasa, G‘arb Rossiyaga nisbatan yangi bosim choralarini ko‘rib chiqishini aytdi. Shuningdek, u Zelenskiyning AQSHga yaqindagi safarida ham muzokaralarga tayyorligini tasdiqlaganini eslatdi.