29-08-2025 05:08
Rossiya hukumati birinchi bor harbiy xarajatlarga federal byudjetga tushgan har ikkinchi rublni yo‘naltirdi. Germaniyadagi Xalqaro xavfsizlik muammolari instituti tahlilchisi Yanis Klyuge ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil birinchi choragida davlat byudjeti daromadlarining 50,1 foizi, ikkinchi chorakda esa 48,2 foizi urush uchun sarflangan.
Solishtirish uchun: 2022-yilda bu ko‘rsatkich 24,4 foiz, 2023-yilda — 32,05 foiz, 2024-yilda esa 39,05 foiz bo‘lgan. Ilgari qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich 2023-yil birinchi choragida 45,4 foiz bo‘lgan edi.
Urush xarajatlarining umumiy xarajatlardagi ulushi bundan kamroq, chunki byudjet defitsitda. Joriy yilning olti oyida Moliya vazirligi 17,584 trln rubl yig‘ib, 21,278 trln rubl sarflagan. Buning 39,9 foizi harbiy maqsadlarga to‘g‘ri keladi.
Bu ko‘rsatkichlar Rossiyaning zamonaviy tarixidagi mutlaq rekord sanaladi va hatto sovet ittifoqi parokanda bo‘lishidan avvalgi yillardagi darajadan yuqori. Masalan, 1990-yilda urush uchun 29,4 foiz mablag‘ ajratilgan edi.
2025-yilning yanvar–iyun oylarida Kreml mudofaa maqsadlariga 8,484 trln rubl sarflagan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 31 foizga, 2023-yilning shu davriga nisbatan esa 95 foizga ko‘p. 2022-yil bilan taqqoslanganda — uch barobar o‘sish qayd etilgan.
Dastlabki byudjet rejasiga ko‘ra, «milliy mudofaa» uchun 13,5 trln rubl va «milliy xavfsizlik» uchun 3,459 trln rubl ajratilgan. Bu YAIMning taxminan 8 foizini tashkil etardi, ammo amalda bu raqam yuqoriroq bo‘ladi.
Reuters agentligi manbasining ta’kidlashicha, hatto urush faol fazasi tugasa ham, Kreml harbiy xarajatlarni 2026-yilda qisqartirishni rejalashtirmayapti. Sababi — dronlar va snaryadlar ishlab chiqarish davom etadi. «G‘arb harbiy xarajatlarini oshirayotgan bir paytda, Rossiya ham ortda qolmasligi kerak», — dedi manba.
2027-yilda urush tugasa, harbiy xarajatlar biroz qisqarishi mumkin. Ammo «maxsus harbiy amaliyot»gacha bo‘lgan darajaga tushishi kutilmayapti.