28-08-2025 10:33

Telegram blogerlar uchun eng tez o‘sib borayotgan moliyaviy platformaga aylanmoqda. Blogerlar va agentliklar assotsiatsiyasi (ABA) o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, platformadagi yillik monetizatsiya hajmi 8,5 mlrd rubldan oshgan. Ushbu o‘sish rossiyalik inflyuyenserlarning xorijiy platformalardan mahrum bo‘lishi fonida yuz berdi, deb yozmoqda «Izvestiya» nashri.
Tadqiqot Tribute, Lava Top, Admaker Bot, Paywall va boshqa xizmatlar faoliyati asosida tayyorlangan. Ulardan Telegram’da rasman tasdiqlangan servis Tribute ulushi bozorning 59 foizini (taxminan 5 mlrd rubl) tashkil etmoqda. Lava Top esa 35 foiz ulush (3 mlrd rubl) bilan ikkinchi o‘rinda. Bozorda kamida 1,65 mln foydalanuvchi va 100 mingdan ziyod muallif faoliyat yuritmoqda.
ABA rahbari Timur Axmedovga ko‘ra, ilgari kontent monetizatsiyasidan asosan xorijiy tarmoqlar orqali foyda olib kelgan blogerlar endi Telegram’dagi xizmatlarga o‘tib bo‘lishdi. Ushbu servislar yangi ekotizimni shakllantirmoqda.
Rossiyada Meta kabi taqiqlangan tashkilotlarga tegishli platformalarda reklama joylashga qonunan cheklovlar joriy etilgani tufayli, kompaniya va inflyuyenserlar Telegram’ni doimiy va moslashuvchan platforma sifatida ko‘rmoqda. WildJam agentligi ham iyul oyida shunga o‘xshash xulosalarni taqdim etgan.
