28-08-2025 07:03

Ukrainaning so‘nggi dron hujumlari tufayli Rossiyada 10 ta neftni qayta ishlash zavodi ishdan chiqdi. Amerikadagi urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilariga ko‘ra, bu mamlakatda benzin tanqisligini keltirib chiqarib, AI-95 kabi premium markali yonilg‘ilar yetishmovchiligiga olib keldi. Bu holat ayrim hududlarda narxlarni keskin oshirdi.
Bu orada Rossiyada 1 martdan buyon amal qilib kelayotgan, avgust oyi oxirida tugashi lozim bo‘lgan benzin eksportiga taqiq yana ikki oyga cho‘zilgani e’lon qilindi.
Reuters agentligiga ko‘ra, Rossiya so‘nggi zarbalardan so‘ng neft qayta ishlash quvvatining kamida 17 foizini yo‘qotgan — bu taxminan kuniga 1,1 mln barrel degani. Shu bois, mamlakat xomashyoni qayta ishlash o‘rniga eksportga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.
Wall Street Journal xabariga ko‘ra, Qrim va Kuril orollari kabi hududlarda AI-92 benzini sotuvi cheklangan. ISW’ning ta’kidlashicha, bu nafaqat iste’mol va ishlab chiqarish xarajatlarini, balki inflyatsiya darajasini ham oshirishi mumkin.
Shu bilan birga, AQSHning Hindistonga qarshi joriy etgan yangi tariflari orqali Rossiya neftini sotish imkoniyati qisqarishi mumkin. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Hindiston neft qayta ishlash zavodlari rossiyalik ta’minotchilardan xaridlarni kamaytiradi.
ISW xulosasida yozilishicha, ichki tanqislik, inflyatsiya va tashqi bozordagi cheklovlar Rossiyaning harbiy xarajatlarini moliyalashtirishini jiddiy zaiflashtirishi mumkin. Bu esa mamlakatdagi makroiqtisodiy barqarorlikka tahdid soladi.
