27-08-2025 13:27

Falastin ma’muriyatining G‘azodagi matbuot bo‘limi rahbari Ismoil As-Sevabit “Anadolu” agentligiga aytishicha, Isroil G‘azo sektoridagi olim, akademik va tadqiqotchilarni muntazam ravishda ataylab nishonga oladi.
– Bosqinchi ma’murlar o‘z harakati bilan Falastin jamiyatida uzoq muddatli ilmiy va madaniy bo‘shliq yaratish, institutsional asosni zaiflashtirish va kelajak avlodni bilimdan mahrum qilishga intilmoqda, – degan u. – Isroilning maqsadi ta’lim, tadqiqot va ijodga rahbarlik qiluvchilarni halok etish orqali Falastin jamiyatining intellektual va axborot poydevorini yiqitish. 22 oy davomida ular G‘azoning madaniy elitasini yo‘q qilishdi.
As-Sevabit xalqaro hamjamiyatni Falastinning “inson va intellektual kapitalini” himoya qilish uchun Isroil harakatiga zudlik bilan javob berishga chaqirdi. Idoraning so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha jami 193 nafar akademik va tadqiqotchi o‘ldirilgan. 800 ga yaqin o‘qituvchi va ta’lim xodimi halok bo‘lgan.
