Messenjerning maxfiylik siyosatida ro‘y bergan o‘zgarishlarni tahlil qilib, bu qanday amalga oshishiga quyida
oydinlik kiritiladi.
Birinchidan, terrorizm. Ilgari messenjer foydalanuvchining telefon raqami va IP manzilini, agar u terrorizm ishi bo‘yicha tasdiqlangan gumondor bo‘lsagina oshkor qilishga rozi bo‘lgan. Endilikda esa jinoiy ishda, noqonuniy faoliyatda gumon qilinayotgan va shu bilan birga Telegram foydalanuvchisi shartnomasini buzgan foydalanuvchilarga oid ma’lumotlarni “vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarining rasmiy so‘rovi” asosida oshkor qiladi.
Ikkinchidan, noqonuniy pornografik kontentni joylashtirish, spam yuborish, foydalanuvchilarni aldash va zo‘ravonlikka undashdan tashqari, Telegram endi “aksariyat mamlakatlarda noqonuniy deb topilgan faoliyat bilan shug‘ullanishni” ham nazorat qiladi. Ushbu bandda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, giyohvand moddalar, qurollar, soxta hujjatlar ro‘yxati keltirilgan.
Uchinchidan, yuqorida keltirilgan “noqonuniy tovarlar va xizmatlar”ning yangi ro‘yxati to‘liq emas. Bu shuni anglatadiki, Telegram mazkur ro‘yxat bilan cheklanmaydi va boshqa turdagi qoidabuzarliklar haqidagi ma’lumotlar uchun ham ma’lumotlarni tegishli organlarga oshkor qilishi mumkin.
Shuningdek, Telegram'ning maxfiylik siyosatidan “messenjer hech qachon foydalanuvchilarning IP manzillari va telefon raqamlarini rasmiylarga oshkor qilmasligi” haqidagi band olib tashlandi.
Bundan tashqari, Telegram qoidalarni buzgan foydalanuvchilarning telefon raqamlari va IP manzillari maxsus xizmatlarga taqdim etsa, bu haqidagi hisobotlarni har chorakda ochiqlashi ma’lum qilingan.