Ijtimoiy tarmoqlarda bir muddat oldin tarqalgan videotasvir yuzasidan ma’lumot berildi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida 2024 yil 23 sentyabr kuni taxminan soat 15:00 lar atrofida ikkinchi smenada 6-«V» sinfida rus tili fani darsi mahalida o‘qituvchi R.O. ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan. So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G. ni qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan partasidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. O‘quvchiga tan jarohati yetkazmagan, salomatligi joyida.
Bundan xabar topgan o‘quvchi E.G. ning ota-onasi o‘qituvchining bu xatti-harakati yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishgan. Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu o‘qituvchi sinov muddati bilan ishga taklif qilingan va yuqoridagi voqea uning dastlabki ish kunida sodir bo‘lgan.