Ushbu hujjat ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Kandimov AOKAda o‘tgan brifingda batafsil
ma’lumot berdi:
– Mazkur qarorning asosiy maqsadi Qashqadaryo viloyatida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda kadrlar salohiyatini oshirishdan iborat. Unga ko‘ra, joriy yilning 1 iyulidan boshlab Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash tizimidagi viloyat darajasidagi shifoxonalar faoliyatini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar Jamg‘armaning alohida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga xarajatlar tasnifining bir satrida o‘tkazib berilmoqda.
O‘z navbatida, Qashqadaryo viloyatidagi 17 ta tibbiyot tashkiloti Jamg‘arma bilan shartnoma asosida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Joriy yilning 1 iyulidan 23 sentyabr kuniga qadar Qashqadaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalarida imtiyozli yo‘llanma asosida davolangan bemorlar uchun Jamg‘arma tomonidan 67,2 mlrd. mablag‘ yo‘naltirildi.
Tibbiyot tashkilotlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda asossiz xarajatlarning oldini olish maqsadida vakillarimiz tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish ishlari natijasida sentyabr oyida 10 mln. so‘m mablag‘ chegirib qolindi va o‘tgan oylar uchun moliyalashtirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi ta’minlandi.
Yuqoridagi hujjatning afzalliklari va qulayliklarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Jamg‘arma rahbariyati va xodimlari tomonidan muntazam ravishda aholi va tibbiyot xodimlari ishtirokida uchrashuvlar, seminarlar o‘tkazib kelmoqda.
Shu bilan birga, tizimning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida Jamg‘armaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida sohaga oid olib borilayotgan amaliy ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar batafsil yoritilib borilmoqda.