27-08-2025 09:51

xAI kompaniyasi tomonidan Macrohard savdo belgisi 2025 yil 1 avgust kuni AQSHda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berilgan. Yangi tuzilma sun’iy intellekt asosida dasturiy ta’minot va bulutli xizmatlar ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.
Maskning ta’kidlashicha, Macrohard kompaniyasi Microsoft kabi yirik korporatsiyalarga raqobat qiladi va sun’iy intellekt yechimlari orqali an’anaviy dasturiy ta’minotni to‘liq almashtirish imkonini yaratadi. Uning fikricha, bu yo‘nalishdagi mahsulotlar inson tafakkurini taqlid qiladigan dasturlar, shuningdek, nutq va matn yaratish texnologiyalarini qamrab oladi.
Macrohard’ning asosiy vazifasi inson aqlining ishlash jarayonlarini sun’iy intellekt agentlari yordamida amalga oshirishdan iborat bo‘ladi. Bu kompaniyaning bulutli xizmatlari va intellektual dasturiy ta’minoti keng bozorda qo‘llanilishi kutilmoqda.
Mask asos solgan xAI kompaniyasi 2023 yil iyulda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi «koinotning asl mohiyatini anglash» sifatida belgilangan. Ushbu loyihaga OpenAI, Google DeepMind, Microsoft Research, Tesla va Twitter’dan kelgan yetakchi mutaxassislar jalb etilgan.
