27-08-2025 09:50

Dushanbeda 25 avgust kuni Tojikiston mustaqillik bayrami arafasida davlat mukofotlari topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident Emomali Rahmon fan, tibbiyot, ta’lim, madaniyat va tadbirkorlik sohalarida xizmat ko‘rsatgan 200 ga yaqin fuqaroni davlat mukofotlari bilan taqdirladi.
Mukofotlanganlar orasida prezidentning qizi Ozoda Rahmon ham bor. U prezidentning Ijroiya apparati rahbari sifatida olib borayotgan faoliyati uchun davlat ordeni bilan taqdirlangan.
Ozoda Rahmon 2005 yilda Tojikistonning AQSHdagi elchixonasida ish boshlagan. Keyinchalik turli lavozimlarda faoliyat yuritib, mamlakat siyosiy va ma’muriy sohasida eng nufuzli shaxslardan biriga aylangan.
Prezident Emomali Rahmon marosimda nutq so‘zlab, taqdirlanganlarning yurt taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, mukofotlar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilgan barcha fidoiylarni rag‘batlantirish maqsadida beriladi.
Tojikiston ommaviy axborot vositalari Ozoda Rahmonni mamlakatdagi eng ta’sirchan ayollardan biri sifatida tilga oladi. Uning siyosiy maydondagi nufuzi ortib borayotgani ko‘p marotaba qayd etilgan.
