27-08-2025 09:48

Ukraina dron hujumlari orqali Rossiya neft qayta ishlash zavodlariga va eksport infratuzilmasiga kuchli zarbalar yo‘llab, Kreml iqtisodiyotining asosiy sohasiga ta’sir ko‘rsatdi. Bu hujumlar AQSHning tinchlik muzokaralari tashabbusi paytida Kiyevning kurashuvchanligi va iqtisodiy bosimini ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Zarbalar natijasida Novokuybishevsk, Saratov, Samara, Volgograd va Sizran neftezavodlari vaqtincha to‘liq to‘xtab qoldi. Afipsk, Slavyansk va Novoshaxtinsk NPZlari ham zarar ko‘rdi. Ust-Luganda gaz kondensatini qayta ishlash to‘xtatildi, Ryazan zavodi esa yarim quvvatini yo‘qotdi.
Mutaxassislar fikricha, hatto qisman quvvat yo‘qotilishi Rossiyaning ichki bozorida yoqilg‘i taqchilligiga olib kelishi mumkin. Berlindegi Karnegi markazi tahlilchisi Sergey Vakulenko bu holat benzin ta’minotida jiddiy muammolar tug‘dirishi mumkinligini ta’kidladi.
Allaqachon ayrim hududlarda benzin yetishmasligi kuzatilmoqda. Xususan, Saxalin viloyatiga qarashli Kuril tuman hokimi Konstantin Istomin aholi uchun AI-92 benzini savdosi vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Zaxiralar maxsus texnika uchun saqlanmoqda.
Rossiya hukumati benzin eksportini avgust oxirigacha to‘liq taqiqladi. Bu qaror ichki bozorda mavsumiy talab yuqori bo‘lgan davrda yoqilg‘i barqarorligini ta’minlash maqsadida qabul qilindi. Shunga qaramay, bozor ishtirokchilari avgust-sentyabrda uzilishlar va narx oshishi ehtimoli yuqori ekanini qayd etmoqda.
