Tergovga qadar tekshiruv davomida, joriy yilning mart oyida ushbu yer maydoni mazkur mansabdor shaxsning turmush o‘rtog‘i tomonidan auksion orqali sotib olinib, aprel oyida tuman hokimligi bilan ijara shartnomasi tuzilganligi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Xorazm viloyatida kuzatilgan holatda Urganch tumani hokimligi xodimi 1977 y.t. shaxs bilan o‘zaro kelishgan holda, aldov yo‘li bilan xaridorning ishonchiga kirishadi. Xususan, unga tuman hokimining 2018 yildagi qaroriga muvofiq, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qurish maqsadida boshqa bir fuqaroga ajratib berilgan, biroq, tasdiqlash uchun viloyat hokimining qarori chiqarilmasdan va tegishli tartibda kadastr xujjatlari ishlab chiqilmasdan, davlat ro‘yxatiga kiritilmay qolgan 1 gektar yer maydonida yengil tipdagi kottejlar qurish mumkinligini aytishadi.
Shuningdek, tuman hokimining 2018 yildagi qarorini joriyyilda qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirib berishni ma’lum qilishadi.
Ammo, ular qo‘shtirnoq ichidagi xizmatlari evaziga 50 ming AQSH dollari talab qilishib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan, kadastr va arxitektura faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy firma rahbari ham ushbu pul mablag‘idan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
DXX Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi va IJQKD hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda,G‘ozg‘on shahar kadastr bo‘limi boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Nurota tumani hududida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 6 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Denov shahrida yashovchi, 1974 y.t. fuqaro o‘zining turmush o‘rtog‘i nomidagi fermer xo‘jalikka chorva ozuqa ekinlari ekish uchun ijara shartnomasi asosida ajratib berilgan 5,33 gektar yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 80 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.