21-08-2025 13:40

Deutsche Welle yozishicha, Zelenskiy 20-avgust kuni Kiyevda jurnalistlar bilan uchrashuvda muzokaralar uchun Yevropaning neytral davlatlari yoki Turkiya qabul qilinishi mumkinligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yoki Vengriyada uchrashuv o‘tkazish mumkin emas.
«Yevropaliklar ham ta’kidladi — muzokara neytral davlatda bo‘lishi kerak. Shveysariya yo Avstriya — biz rozimiz. Turkiya ham qabul qilinadi. Ammo Moskvada yo‘q, bu mumkin emas», — dedi Zelenskiy.
U Vengriya poytaxti Budapeshtda uchrashuv o‘tkazish ehtimoliga ham izoh berib, mamlakat Ukraina Yevroittifoqqa qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlamaganini eslatdi. «Viktor Orbanning siyosatini Ukrainaga qarshi deb aytmayman, lekin u bizga yordam berishga qarshi bo‘ldi», — dedi Zelenskiy.
Prezidentga ko‘ra, uchrashuv sanasi Rossiya tomoni tashabbus bildirgandan keyin belgilanishi mumkin. Ukraina hukumati 7–10 kun ichida xavfsizlik kafolatlari haqida xabardor qilinishi zarur. Shundan keyingina uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish mumkin bo‘lishi aytildi.
Zelenskiy, shuningdek, Donald Tramp muzokarani avval ikki tomonlama, keyin uch tomonlama o‘tkazishni taklif etganini ma’lum qildi. «Biz tayyormiz, lekin rossiyaliklar rozimi? Agar Moskva qarshi bo‘lsa, AQSHdan qat’iy munosabat kutib qolamiz», — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, avvlroq Putin Zelenskiy bilan Moskvada uchrashmoqchiligi haqida xabar bergan edik.
