21-08-2025 06:55
Progressiv islohotlar markazi (PIM) 2024-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston viloyatlari kompleks rivojlanish reytingini e’lon qildi. Bu haqda markaz rasmiy saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahri yetti yo‘nalishdan beshtasida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib, umumiy hisobda yetakchilikni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Navoiy va Buxoro viloyatlari ham kuchli uchlikka kirgan.
Reytingning so‘nggi qismida esa Surxondaryo, Namangan va Jizzax viloyatlari qayd etilgan. Xususan, Jizzax viloyati ta’lim sohasida eng past ko‘rsatkichlarni ko‘rsatgan. Shu bilan birga, Qashqadaryoda maktabgacha ta’lim qamrovi pastligi kelajakda inson kapitali rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi ta’kidlangan.
Metodologiya 57 ta indikator asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, infratuzilma, imkoniyatlar, jinoyatchilik va tabiiy muhit kabi yetti yo‘nalishni qamrab oldi. Har bir ko‘rsatkich 0 dan 100 ballgacha baholandi. Reytingda xalqaro tashkilotlar va OAV ma’lumotlaridan foydalanilgan bo‘lsa-da, asosiy e’tibor milliy statistika agentligi hamda tegishli idoralar ma’lumotlariga qaratildi.
Yo‘nalishlar kesimida Toshkent shahri sog‘liqni saqlash (61,84 ball), ta’lim (89,47 ball), iqtisodiyot (98,21 ball) va infratuzilma (93,21 ball) bo‘yicha yetakchilik qildi. Shu bilan birga, imkoniyatlar bo‘yicha ham poytaht 91,63 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Surxondaryo tabiiy muhit bo‘yicha 87,48 ball bilan yetakchi bo‘ldi, Sirdaryo esa jinoyatchilikni kamaytirishda yuqori ko‘rsatkich qayd etdi.
Biroq Jizzax, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida bir qator sohalarda qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda. Tahlilchilarning fikricha, mazkur reyting raqamlar yig‘indisi emas, balki hududlarning ichki imkoniyatlari va rivojlanish istiqbolini ko‘rsatib beruvchi muhim mezondir.