20-08-2025 12:19
Bloomberg xabariga ko‘ra, Yevropaning 10 ga yaqin davlati Rossiya-Ukraina urushi tugagach, mamlakatga o‘z qo‘shinlarini kiritishga tayyor. 19-avgust kuni bo‘lib o‘tgan muhokamalarda Britaniya va Fransiya harbiylarining soni va joylashuvi masalasi ko‘tarilgan.
Buyuk Britaniya hukumati Yevropa va AQSH rasmiylari bilan yaqin kunlarda uchrashib, xavfsizlik kafolatlari hamda harbiy harakatlar to‘xtatilsa, kuchlarni joylashtirish bo‘yicha tayyorgarlik rejalarini ishlab chiqishini ma’lum qildi.
Qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari paketining dastlabki bosqichida Ukraina Qurolli kuchlarini mustahkamlash, harbiylarni tayyorlash va shaxsiy tarkibni to‘ldirish ko‘zda tutilmoqda. Bu jarayonda ko‘p millatli yevropalik guruh ishtirok etadi, Britaniya va Fransiya esa frontdan uzoqda yuzlab askarlarini joylashtirishi mumkin.
AQSH esa Ukrainaga qo‘shin yubormasligini bildirgan, ammo razvedka ma’lumotlari almashish, chegaralarni kuzatish va havo hujumidan mudofaa vositalari yetkazib berish orqali qo‘llab-quvvatlash imkonini ko‘rib chiqmoqda. Xavfsizlik kafolatlari paketi 24-avgustgacha tayyorlanishi kutilmoqda.
Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa NATO davlatlari harbiy kontingenti Ukrainada paydo bo‘lishi mojaroni kuchaytishi va oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishini ta’kidladi.