20-08-2025 06:00
«Jeyms Uebb» kosmik teleskopi yordamida Janubi-g‘arbiy tadqiqot instituti (SwRI) boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi Uran atrofida aylanayotgan ilgari noma’lum bo‘lgan tabiiy yo‘ldoshni aniqladi va shu tariqa sayyoraning ma’lum yo‘ldoshlari sonini 29 taga yetkazdi», deyiladi xabarda.
Agentlikning qayd etishicha, yo‘ldosh 2025-yil 2-fevralda kuzatuvlar davomida aniqlangan.
Yangi yo‘ldoshning diametri 10 km deb taxmin qilinmoqda. Bunday kichik o‘lcham, ehtimol, 1986-yilda Uran yaqinidan uchib o‘tgan Voyager-2 zondi uchun ko‘rinmas bo‘lgan, deb qo‘shimcha qildi NASA.
Yangi yo‘ldosh Uran markazidan taxminan 56 ming km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, Ofeliya va Byanka yo‘ldoshlari orbitalari orasida sayyoraning ekvatorial tekisligida aylanadi.
«Uning deyarli doiraviy orbitasi hozirgi joylashuvi yaqinida shakllangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishga imkon beradi», dedi SwRI yetakchi mutaxassisi Mariam El Mutamid.
Uranning dastlabki ikki yo‘ldoshi - Titaniya va Oberon 1787-yilda ingliz astronomi Uilyam Gershel tomonidan kashf etilgan. 28-sun’iy yo‘ldosh - S/2023 U1 birinchi marta 2023-yil noyabr oyida Chilidagi Las-Kampanas rasadxonasida aniqlangan.