20-08-2025 05:21
AQSHning Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati ma’lumoticha, mamlakatdan ukrainalik qochoqlarning dastlabki guruhi chiqarildi. Bu jarayon «Yedineniye radi Ukraini» (Uniting for Ukraine — U4U) dasturi doirasida kelgan yuz minglab insonlar uchun xavotir uyg‘otmoqda.
The Wall Street Journal yozishicha, oxirgi ikki yilda AQSHga kelgan 120 mingga yaqin ukrainalikning vaqtinchalik huquqiy maqomi yaqin kunlarda tugashi mumkin. Agar Oq uy ushbu dasturni uzaytirmasa, ular ham deportatsiya xavfi ostida qoladi.
U4U dasturi orqali AQSHga kirganlar ikki yilgacha yashash huquqini olgan, asosiy shart sifatida amerikalik xususiy homiyga ega bo‘lish belgilangan. Jami shu yo‘l bilan chorak millionga yaqin kishi mamlakatga kirgan. Shu bilan birga, 2023-yil 16-avgustgacha kelgan ayrimlar hali ham alohida «vaqtinchalik muhofaza maqomi» (Temporary Protected Status) dasturiga kiradi.
Prezident Donald Tramp esa avvalroq immigratsiya siyosatini keskin kuchaytirish tarafdori ekanini aytgan va noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish rejasini bildirgan edi. Shu sababli, kelgusi qarorlar AQSHdagi minglab ukrainalik qochoqlar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.