Qozogʻiston Suv xoʻjaligi va irrigatsiya vaziri Nurjon Nurjigitov Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamrayev bilan
uchrashdi. Tomonlar ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilgan.
Vazirlar oʻlchash stansiyalarini avtomatlashtirish va Sirdaryodagi suv hisobini raqamlashtirish masalalarini muhokama qildilar. Bugungi kunda Qozogʻiston va Oʻzbekiston 10 ta punkt boʻyicha kelishib oldi, ularda zamonaviy suv hisoblagichlarini oʻrnatish rejalashtirilgan. Nurjon Nurjigitov mazkur loyihani hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan xalqaro moliya tashkilotlari va kompaniyalari bilan muzokaralar olib borilayotganini alohida taʼkidladi.
Tomonlar, shuningdek, Norin-Sirdaryo kaskadi suv omborlarining kelasi yilgi sugʻorishdan oldingi mavsumi uchun ishlash rejimlarini ham muhokama qildilar. Markaziy Osiyo davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining navbatdagi yigʻilishida suv omborlarini ishga tushirish boʻyicha prognoz jadvali tuziladi va suv taʼminoti hajmlari tasdiqlanadi.
«Oʻzbekistonlik hamkasblarimga Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi yigʻilishidagi faol ishtiroki va bildirilgan takliflar uchun katta rahmat. Oʻtgan bir yil davomida hamkorlikdagi ishimiz ijobiy natijalar berayotganiga amin boʻldik, shu bois yaqin ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz. Biz koʻp masalalar boʻyicha umumiy qarashlarga egamiz. Bu bizga mavjud muammolarning aksariyatini oʻzaro manfaatli asosda hal qilish imkonini beradi». – dedi suv xoʻjaligi va irrigatsiya vaziri Nurjon Nurjigitov.
Shavkat Hamroyev, oʻz navbatida, Oʻzbekiston jamgʻarma doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish istagini bildirdi.
«Oʻzbekiston Qozogʻistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raisligini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Biz esa bu yoʻnalishda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirib, birgalikda loyihalar ustida ishlamoqchimiz. Masalan, Sirdaryo va Amudaryo havzalari ekotizimlarini saqlash, mahalliy aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash, kichik va mahalliy suv havzalarini tiklash va boshqalar».– dedi Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev.
Bundan tashqari, tomonlar suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha Mintaqaviy strategiyani ishlab chiqishni muhokama qildilar. Muzokaralar yakunida vazirlar uchrashuv bayonnomasini imzoladilar.