10-avgust kuni qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari bilan biznes muloqot o‘tkazildi. Unda tadbirkorlardan biri Surxondaryo, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda sholi ekishga cheklov kiritish taklifi bilan chiqdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘istonda faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayrat Ahmedov Qoraqalpog‘istonda ikki yildan buyon sholi ekish bo‘yicha muammo mavjudligini ta’kidladi.
“Sholi ekishga taqiq qo‘yilmoqda va bunga suv tanqisligini sabab qilib ko‘rsatishmoqda. Biroq, bizning oldimizda Amudaryo [suvi] Xorazm, Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridan [o‘tib] keladi. Bu viloyatlarga limit yo‘q. Buxoroda minglab gektar joyda sariq qumni ochib, daryodan suv olib, sholi ekilmoqda. Bizda esa, tayyor turgan yerga ektirishmayabdi”, — deya qayd etdi tadbirkor.
G‘ayrat Ahmedov mazkur muammoni davlat rahbari doirasida olib chiqishni so‘radi. Tadbirkor Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari, shu bilan birga Qoraqalpog‘istonning ham barcha tumanlarida cheklov joriy qilishni taklif etdi.
“Fermerning 10% yeriga sholi ekish belgilab berilsin, „mana shu joyga ekasan, undan ortiq eksang jazoga tortilasan“, deb ishlab bersin. Nimaga daryo Surxondaryodan boshlanadi-yu, oxirida Buxorodan o‘tadi, Xorazmdan o‘tadi suv tejalmaydi, Qoraqalpog‘istonga kelgan paytida esa tejalishi kerak?”, — dedi u.
Bundan tashqari, tadbirkor paxta va bug‘doy bo‘yicha davlat buyurtmasini “Agroplatforma” axborot tizimi orqali hududlar kesimida taqsimlab berishni joriy etish taklifini bildirdi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov sholi ekishga chekloklar joriy qilish taklifini zararli chaqiriq, deya baholadi. Uning qayd etishicha, suvning bozor narxini shakllantirish orqali fermerlarni iqtisodiy samaradorlik va nisbiy afzallikka yo‘naltirish zarur.
“Fermerlarning nima ekish ekmasligi, qanaqadir cheklovlar va ma’muriy taqiqlar bilan emas, suv narxi va yer solig‘i bilan tartibga solinishi zarur. Bizning realliklarda bu ko‘proq suv narxi bilan amalga oshirilishi to‘g‘ri bo‘ladi” — dedi Otabek Bakirov.