Nashr yozishicha, ssenariylardan biri Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli urush bo‘lishi mumkin. Maqola mualliflarining aniqlik kiritishicha, Amerika tomoni mintaqadagi so‘nggi voqealarni Isroil harbiy kampaniyasining yangi bosqichi sifatida baholagan. Gazetaning suhbatdoshlaridan biri hujumlarning Beyrutda davom etishiga ishora qilgan.
AQSH bu vaziyat yanada kuchaymasligi uchun Isroil bilan muzokaralar olib bormoqda. Xavotirga qaramay, Vashington rasman tomonlar o‘rtasidagi mojaroning tinch yo‘l bilan hal etilishini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi.
Nashr, shuningdek, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbining so‘zlaridan iqtibos keltirgan. U avvalroq “Isroil-Livan chegarasida urush muqarrar emas va biz uning oldini olish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishda davom etamiz”, — degan edi.
Avvalroq Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq tahlilchisi Larri Jonson Isroilning Livandagi peyjerlarni portlatish bilan olib borgan operatsiyasi umidsizlikdan darak ekanini
aytgan edi. Shuningdek, Jonson G‘arbni ikkiyuzlamachilikda ham ayblagan. Uning fikricha, agar "Hizbulloh" Isroil harbiylariga bir qancha aloqa moslamalarini yuborsa va ular bolalar qo‘lida portlasa, bu bir ovozdan terrorchilik harakati sifatida tan olinadi.
Bundan tashqari, 20 sentyabr kuni Isroil armiyasi Livan poytaxti Bayrutga hujum qildi. Dahiya janubiy chegarasida uchta kuchli portlash
sodir bo‘ldi. Isroil Livandagi "Hizbulloh" guruhining asosiy nishonlari yaqinida harbiy hujum harakatlarini uyushtirgan.
O‘sha kuni kechroq Livan Isroilga 150 dan ortiq raketa uchirgani
xabar qilingan edi. Raketalarning bir qismi Isroilning mamlakat shimolidagi Safed shahri uzra urib tushirildi.